Mana chempionatimizning 21-turi ham ortda qoldi. Shu kungacha chempionatimizda o'ziga xos kutilgan va kutilmagan natijalar qayd etildi. Chempionatimizda negadir kutilmagan natijalar kamroq qayd etiladi. Chunki bizning PFL da yaqqol yetakchi jamoalar bor yo'g'i ikki dona ("Paxtakor va "Bunyodkor") . Agar shularning soni ko'p emas 3 ta yoki 4 ta bo'lganda edi, kutilmagan natijalar ham huddi kutilgandek qayd etilardi. To'g'ri yetakchi jamoalarga jiddiy qarshilik ko'rsatadigan jamoalar bor. Lekin ular har doim ham yetakchilarga muntazam ravishda jiddiy qarshilik ko'rsata olishmaydi. 21-tur tugabdiki chempionatimizda bor yo'g'i ikki marta "sensatsion" natija qayd etildi. Bular jamoamiz "Paxtakor"ning bekobodda "Metallurg"ga mag'lubiyatga uchrashi hamda Zarafshonning "Qizilqum" jamoasi "Bunyodkor"ni mag'lubiyatga uchratishi bo'ldi. Qolgan kutilmagan natijalarni "sensatsion" natijalar orasiga qo'shib bo'lmaydi. Chunki buning sabablari bisyor.
O'tgan turda chempionatimiz turnir jadvalida
peshqadamlik qilayotgan "Paxtakor"ning asosiy raqibi "Bunyodkor" mag'lubiyat alamini totib ko'rdi. Bu esa jamoamiz "Paxtakor"ga qo'l keldi. Jamoamiz "Mash'al"ni mag'lubiyatga uchratib, "Bunyodkor" bilan oradagi farqni 3 ochkoga qisqartirib oldi va endi "Paxtakor" peshqadamdan 5 ochkoga ortda qolmoqda. Shu payt bir narsa hayoldan o'tadi. Qani endi jamoamiz "Metallurg"ga mag'lubiyatga uchramaganda edi, hozir oradagi farq 5 ochko emas 2 ochko bo'lgan bo'lar edi. Mayli o'tgan ishga salovat deb, umid qilishda davom etamiz. Zero asosiy raqibimizdan yana kutilmagan natijalar kutsak bo'ladi. Ha bo'ladi. Chunki "Bunyodkor"ning oldida Qashqadaryoning ikki gegemon jamoalari "Nasaf" va "Sho'rtan" bilan o'yinlari bor. Jamoamizni esa bitta juda qiyin uchrashuv kutib turibdi. Bu "Andijon" jamoasi bilan uchrashuvdir. Uchrashuv "Andijon" maydonida o'tishini hisobga olsak haqiqatdan ham qiyin bo'lishini payqab olish hech gap emas. Agar "Bunyodkor" yana bir marta mag'lubiyatga uchrasa yoki ikki bor
durrang o'ynasa jamoamizning chempion bo'lish yoki bo'lmasligi o'z qo'lida qoladi. Buning uchun oldindagi barcha o'yinlarda faqat va faqat g'alaba qozonish darkor. Biz bunga ishonamiz. Umidni so'ndirmaymiz. Kelinglar jamoamizni qolgan turlarda stadiondan turib qo'llab-quvvatlaylik. Shunda "Paxtakor" ham biz ham qandaydir yaxshi narsaga erishishimiz aniq. Zero hozir jamoamizga bizning qo'llashimiz juda va juda muhim. O'sha Odil-u, Geynrixlar faqat biz muhlislar uchun maydonda saf tortishadi. Biz shunday buyuk jamoaga muhlislik qilayotganimizdan faxrlanishimiz kerak. Jamoamiz bu mavsum chempion bo'la oladi. Ha bo'la oladi. Bizlar ham shu chempionlikni sog'inib qoldik. Ikki yildan buyon chempionlik nimaligini bilmay kelishni o'zi bo'ladimi bizdek shonli jamoa muhlislari uchun?! Demak jamoamizda chempion bo'lish imkoniyati bor ekan, umid qilishda davom etaveramiz. Umid qilishimizga arziydi. Xalq jamoasiga chempion bo'lmaslik aslo yarashmaydi. Xullas, "Paxtakor" chempion bo'la oladi!
D.Ne'matov
562